Fastlane seriyasi: versionCode'ni Google Play'dan olamiz

Fastlane — mobil ilovalarni build qilish va reliz qilishni avtomatlashtiradigan open-source vosita. Agar Fastlane'ni endi o'rganayotgan bo'lsangiz, rasmiy dokumentatsiyadan boshlang.

Bu — Android ilovamizni reliz qilishni Fastlane bilan qanday avtomatlashtirganimiz haqidagi seriyaning bir qismi. Bu maqolada versionCode'ni qo'lda oshirishdan qanday qutulganimiz haqida yozaman.

Muammo

Google Play'ga yuklanadigan har bir build'ning versionCode'i avvalgilaridan katta bo'lishi shart. Biz uni har safar qo'lda oshirardik. Qo'lda qilingan ishda esa albatta xato chiqadi:

  • Kimdir versionCode'ni oshirishni unutadi — Play Console build'ni qabul qilmaydi.
  • Ikki dasturchi har xil branch'da versionCode'ni bir xil raqamga oshirib qo'yadi.
  • Kimdir pull qilmasdan reliz qiladi — u ishlatgan raqam allaqachon band bo'lib chiqadi.

Har safar natija bir xil: build yuklanmaydi va qayta build qilish uchun yana 10 daqiqa ketadi.

Yechim

Google Play siz yuklagan barcha versionCode'larni allaqachon saqlab boradi. Unda raqamni o'zimiz qo'lda o'zgartirib nima qilamiz? Shunchaki eng kattasini Google Play'dan olamiz va ustiga 1 qo'shamiz. Endi reliz kimning kompyuteridan qilinayotgani yoki kimdir pull qilgan-qilmaganining farqi yo'q — raqam har doim to'g'ri bo'ladi.

Fastlane'da buning uchun tayyor action bor: `google_play_track_version_codes`.

1-qadam: versiyani alohida faylga chiqaramiz

Fastlane versiyani o'qishi va o'zgartirishi kerak, shuning uchun uni build.gradle.kts ichida saqlamaymiz. Buning o'rniga loyihaning root papkasidagi oddiy version.properties fayliga chiqaramiz:

APP_VERSION_CODE=161
APP_VERSION_NAME=1.2.32

Gradle esa versiyani shu fayldan oladi:

// app/build.gradle.kts
val versionProps = java.util.Properties().apply {
    rootProject.file("version.properties").inputStream().use { load(it) }
}

android {
    defaultConfig {
        versionCode = versionProps.getProperty("APP_VERSION_CODE").toInt()
        versionName = versionProps.getProperty("APP_VERSION_NAME")
    }
}

Endi Gradle ham, Fastlane ham bitta fayldan foydalanadi — versiya har xil bo'lib qolmaydi ikki joyda.

2-qadam: Google Play'dan keyingi kodni so'raymiz

Logikani alohida helper'ga yozamiz — fastlane/helpers/versions_helper.rb:

module VersionsHelper
  VERSION_FILE = "../version.properties"

  def self.latest_version_code
    Fastlane::Actions::GooglePlayTrackVersionCodesAction.run(
      track: "internal",
      package_name: "com.example.bank",
      json_key: "../Private/fastlane-service-account.json"
    ).max.to_i
  end

  def self.update_version_code
    props = read_properties(VERSION_FILE)
    props["APP_VERSION_CODE"] = latest_version_code + 1

    File.open(VERSION_FILE, "w") do |f|
      props.each { |key, value| f.puts "#{key}=#{value}" }
    end
  end

  def self.read_properties(path)
    File.readlines(path).each_with_object({}) do |line, props|
      next if line.strip.empty? || line.start_with?("#")
      key, value = line.split("=", 2)
      props[key.strip] = value.strip
    end
  end
end

Bu kod yangi ilova uchun ham ishlaydi: agar track hali bo'sh bo'lsa, max nil qaytaradi, nil.to_i esa 0 beradi, shunda birinchi versionCode 1 bo'ladi.

Helper'ni Fastfile ko'rishi uchun, fayl boshida quyidagicha yozib qo'yamiz:

Dir[File.join(__dir__, "helpers", "*.rb")].sort.each { |file| load file }

3-qadam: har bir reliz build'dan oldin chaqiramiz

lane :build do
  VersionsHelper.update_version_code
  gradle(task: "app:bundleRelease")
end

Tamom. Endi har bir reliz build avtomatik ravishda to'g'ri versionCode oladi va bu haqida hech kim o'ylashi shart emas.

versionName nega o'zgarmayapti?

Biz faqat versionCode'ni avtomatlashtirdik. versionName'ni (1.2.32) esa hali ham version.properties'da qo'lda o'zgartiramiz. versionCode — oddiy hisoblagich, uni mashinaga topshirsa bo'ladi. versionName esa jamoa qaror qiladigan narsa: bu kichik tuzatishmi yoki katta reliz? Buni odam hal qilgani to'g'ri.

Xulosa

Google Play yuklangan barcha versionCode'larni allaqachon yozib boradi. Biz shunchaki eng kattasini Google Play'dan olamiz va ustiga 1 ni qo'shib, yangi versionCode hosil qilamiz. Natijada versionCode bilan bog'liq xatolar butunlay yo'qoladi.